Namanganni yirik kompaniyalarsiz ham, kichik biznesga tayangan holda rivojlantirish mumkin — viloyati hokimi

eʼlon qilindi
Viloyatda yirik shaharni tashkil qiluvchi korxonalar mavjud emas
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov / Foto: Kursiv Uzbekistan

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov viloyat kichik biznesga tayangan holda barqaror rivojlanishga erishish mumkinligi bo‘yicha namuna bo‘lganini ta’kidladi. Bu haqda hokim 17-18-sentabr kunlari Namanganda bo‘lib o‘tayotgan «Kambag‘allikdan farovonlik sari» III xalqaro forumi doirasida jurnalistlarga ma’lum qildi.

Uning aytishicha, 2017-yilgacha viloyatda biznes va sanoat sust rivojlangan. Biroq «Yangi O‘zbekiston» siyosati boshlanganidan so‘ng, kichik biznes va sarmoyadorlar uchun qulay sharoitlar yaratildi.

Namanganda yirik shaharni tashkil qiluvchi korxonalar, ya’ni kimyoviy majmualar, neftni qayta ishlash yoki avtomobil zavodlari mavjud emas. Viloyat iqtisodiyoti asosan kichik biznesga tayanadi va aynan shu sababli, hokim ta’kidlaganidek, prezident Namanganni katta kompaniyalarsiz ham hududni yashash va sarmoya kiritish uchun qulay maskanga aylantirish mumkinligini ko‘rsatish maydoni sifatida tanlagan.

Bugungi kunda viloyatda 72 ta kichik sanoat zonasi, 1,5 mingga yaqin korxona va ikkita erkin iqtisodiy zona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yili Namangan viloyatiga $3 milliard xorijiy investitsiyalar jalb qilingan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkichni $4,2 milliardga yetkazish rejalashtirilgan. Viloyat ilk bor $1 milliardlik eksportni amalga oshirmoqda.

Bundan tashqari, turizm infratuzilmasi faol rivojlanmoqda, ya’ni bundan 6-7 yil oldin Namanganga atigi 50-100 ming kishi tashrif buyurgan bo‘lsa, 2025-yilda 1,5 million xorijiy sayyoh kelishi kutilmoqda.

«Bugungi kunda bizda O‘zbekistondagi eng yirik istirohat bog‘i faoliyat yuritmoqda. Forumning o‘tkazilishi odamlarimiz va tadbirkorlarimizga o‘zgacha shijoat beradi, mintaqani yanada rivojlantirish uchun turtki bo‘ladi», — dedi Abdurazzoqov.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Namanganda yil oxirigacha kambag‘al oilalar soni 2 baravardan ko‘proqqa qisqarishi haqida yozgandi.

Shuningdek