
Xitoyda Geely Galaxy M9 flagman krossoveri sotuvga chiqarildi. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.

Uning bazaviy 100 km 2WD Starter Edition versiyasi 173,8 ming yuan (taxminan $25 ming) turadi. Jami olti komplektatsiyada taqdim etilgan bo‘lib, faqat eng qimmati — 238,8 ming yuan ($33,5 ming atrofida) to‘liq g‘ildirakli uzatmaga ega.

Mashina o‘lchamlari: 5205 × 1999 × 1800 mm, g‘ildirak bazasi — 3030 mm. Model Li Auto L9 va Aito M9 bilan raqobat qilishga mo‘ljallangan. Barcha versiyalarda 2+2+2 sxemali olti o‘rindiqli salon bor. Ikkinchi qatorda 17,3 dyuymli 3K ekran, ventilyatsiya, isitish va 10 nuqtali massajli o‘rindiqlar mavjud. Tekis pol, 180 mm o‘tish joyi va 150° gacha sozlanadigan uchinchi qator suyanadigan qismlari qulaylikni oshiradi.

Old panelda 30 dyuymli multimedia ekrani, 12,66 dyuymli asboblar paneli va 32 dyuymli AR-proeksion ekran o‘rnatilgan. Mashina Flyme Auto 2 platformasiga asoslangan aqlli AI-assistent bilan jihozlangan.

Geely Galaxy M9 avtopilot tizimi — Qianli Haohan H5, u 27 ta datchik (lidar, 3 ta radar, 11 ta kamera va 12 ta ultratovushli sensor) orqali ishlaydi. U mashinani parkovkadan parkovkagacha mustaqil olib borishi mumkin.

Barcha versiyalarda «super-gibrid» Thor EM-P tizimi mavjud. Bir motorli versiyasi old g‘ildirakdan harakatlanadi, quvvati 408 ot kuchi, 0–100 km/soat tezlanishi 7,3–7,7 soniya. Batareya hajmi 18,4 yoki 41,46 kVt/soat, elektrda yurish masofasi 100 yoki 230 km, umumiy zapas yo‘li 1325–1505 km.

Eng yuqori versiyada uchta elektromotor bor, umumiy quvvati 870 ot kuchi. Batareya hajmi 41,46 kVt/soat, elektrda yurish masofasi — 210 km, umumiy zapas yo‘li esa 1300 km.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Tracker narxidagi Geely Galaxy Starshine 8 gibrid modeli haqida yozgan edik.