
Yangi Namangan shahridagi qiymati $750 millionlik China town loyihasining ikkinchi bosqichi 2027-yil oxirigacha yakunlanadi. Bu haqda viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov Kursiv’ga ma’lum qildi.
«Yangi Namangan shaharchasida Xitoy tajribasi asosida qurilayotgan ushbu hududning bir qismi China town deb nomlanadi. U yerda 20 qavatli 6 mingga yaqin uy-joy va besh yulduzli mehmonxona quriladi. Hozirda bu loyihaning ikkinchi qismi 2027-yil oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda».
Ma’lumot uchun, shu yilning yanvar oyida Yangi Namangan shaharchasida qiymati $750 millionlik China town yirik loyihasi boshlangandi. 66 gektar maydonda joylashadigan ushbu manzilda turar joy majmualari, ofis, savdo, xizmat ko‘rsatish infratuzilmalari, bog‘cha, maktab masjid bunyod etiladi.
Shuningdek, Abdurazzoqov viloyatda qurilish sohasi bo‘yicha ham amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
«Viloyatda 2017-yilgacha 613 ta ko‘p qavatli uylar bo‘lgan. O‘tgan 8 yilda esa 700 dan ortiq ko‘p qavatli uylar qurilgan. Tumanlarda esa oldin bunday xonadonlar bo‘lmagan. Bugungi kunga kelib Chust, Pop tumanlari, Yangi O‘zbekiston massivlarida 11, 16 qavatli xonadonlar qad rostlagan.
Misol uchun, Yangi Namangan shaharchasida to‘rtta institut va talabalar shaharchasi barpo etiladi. Shuningdek, 191 ta ko‘p qavatli uy-joylar 200 ming aholiga foydalanishga topshiriladi».
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ko‘p qavatli uy aholisi uchun tunda pulli avtoturargohlar bepul bo‘lishi haqida yozgandi.