1-oktabrgacha moped va skuter haydovchilari guvohnoma olishlari shart

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati moped va skuter egalariga muhim eslatma berdi. Unga ko‘ra, 1-oktabr sanasiga qadar barcha haydovchilar «A» toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi, transport vositalari esa davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi zarur.
Avvalroq Vazirlar Mahkamasi aprel oyida ushbu muddatni 30-sentabrgacha uzaytirgan edi. Dastlab, 2025-yil 1-martdan boshlab moped va skuter haydovchilarida «A» toifa guvohnoma talab qilingan. Endi esa, 1-oktabrdan barcha moped va skuterlar davlat raqamiga ega bo‘lishi majburiy hisoblanadi.
Ro‘yxatdan o‘tkazish uchun egasi yoki vakili quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim:
- shaxsini tasdiqlovchi hujjat va ishonchnoma;
- belgilangan ariza, texnik tavsiflar (agar mavjud bo‘lsa);
- mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat;
- davlat raqami va guvohnoma olish uchun to‘lovni tasdiqlovchi kvitansiya.
2024-yil iyul oyida Vazirlar Mahkamasi moped va skuterlar uchun davlat raqamlarini belgiladi. Ichki ishlar vazirining dekabr oyidagi buyrug‘iga ko‘ra, davlat raqamlari uchun yig‘im miqdori 562,5 ming so‘m, ya’ni BHMning 1,5 baravari etib belgilandi.
YHXX fuqarolarni oldindan ro‘yxatdan o‘tishga va qonun talablariga amal qilishga chaqirdi. Ro‘yxatdan o‘tmagan moped va skuterlarni boshqarish 2025-yildan taqiqlanadi, shuningdek, yil yakuniga kelib elektroskuter va elektromototsikllar ham davlat raqamiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Adliya vazirligining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portalida YPX qoidalarini buzgan haydovchilarga nisbatan javobgarlikni oshirish bo‘yicha loyiha joylashtirilgani haqida xabar bergan edik.