
Skoda kompaniyasi tomonidan Skoda Elroq 60 Select avtomobili rasman namoyish etildi. Bu haqda 32cars nashri xabar bermoqda. Boshlang‘ich narx $35 ming qilib belgilangan.
Model 60 kVt/soatli batareya va 150 kVt (201 ot kuchi) quvvatga ega elektromotor bilan jihozlangan. U kombinatsiyalangan siklda 395 km, shahar ichida esa 504 km masofani bosib o‘ta oladi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 8 soniyada chiqadi.
Modelni 11 kVt quvvat bilan oddiy rejimda yoki 165 kVtgacha tezkor quvvatda zaryadlash mumkin. Tezkor usulda energiya zaxirasi 10 foizdan 80 foizgacha atigi 24 daqiqada to‘ldiriladi. Model Volkswagen konsernining MEB platformasida yaratilgan.

Standart jihozlar orasida 13 dyuymli multimedia displey, old o‘rindiqlarni isitish tizimi, simsiz smartfon zaryadlash moslamasi, xavfsizlik assistentlari va Skoda’ning Simply Clever echimlari mavjud: eshikda joylashgan soyabon, olib tashlanadigan yo‘lovchi qutisi va sozlanadigan yukxona polkasi.
Mijozlar uchun Signature Pack qo‘shimcha paketi ham taklif qilinadi. Unga matritsali optika, kengaytirilgan reallik funksiyasiga ega proyeksion displey, Canton audio tizimi va 360 daraja kameralar kiradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Skoda Superb 16,8 ming dollardan sotilayotgani haqida yozgan edi.