Britaniya O‘zbekiston fuqarolari uchun mavsumiy ish kvotalarini oshiradi

Londonda O‘zbekiston Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov va Britaniya Mehnat ta’minotchilari uyushmasi (ALP) bosh direktori David Camp bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
ALP — Britaniyaning oziq-ovqat, sanoat, logistika va mavsumiy ishlar sohalarida ishchilarni ta’minlaydigan va ularning manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilot bo‘lib, 300 dan ortiq yirik kompaniyalarni birlashtiradi.
Muzokaralarda ALP rahbari David Camp O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Britaniyaning mavsumiy ishchilar dasturi bo‘yicha o‘zbekistonliklar uchun kvotalar kengaytirilishi, yangi operatorlar bilan shartnomalar imzolanishi hamda yurtdoshlarimizni xavfsiz va tartibli ravishda ishga jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakat aholisi Germaniyaga gastronomiya sohasida ish va ta’limga taklif etilayotgani haqida xabar bergan edi.