Yangiliklar

Endilikda o‘simliklarni ekish materiallari my.gov.uz portalida tasdiqlanadi

Davlat xizmatlari markazlarida ham
Endilikda o‘simliklarni ekish materiallari my.gov.uz portalida tasdiqlanadi / Foto: Naturescape

Hukumat qarori bilan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha pitomnik va plantatsiyalarning davlat hisobini yuritish tartibi yangilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Endilikda ekish materiallari haqiqatan ekilganini tasdiqlash hamda ularni davlat hisobiga olish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) va Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi.

Qarorga muvofiq, bunday pitomnik va plantatsiyalar o‘simlik yetishtiruvchilarning yer uchastkalarida tashkil etiladi. Tadbirkorlar ekish materiallarini tasdiqlatish uchun zarur hujjatlar bilan davlat xizmatlari markazlariga murojaat qiladi.

So‘rovnomaga maxsus foydalanish ruxsatnomasi, olib kirish-chiqarish hujjatlari hamda reyestrga kiritilganligi haqidagi xabarnoma ilova qilinishi lozim. Shuningdek, ekish materialini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma ham talab qilinadi.

Vakolatli organ taqdim etilgan so‘rovlarni 5 ish kunida ko‘rib chiqib, pitomnik va plantatsiyalarni davlat reyestriga kiritadi. Bu yangilik sohani tartibga solishga va yovvoyi o‘simliklardan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq paxta va donni qabul qilish hamda ularning elektron hisobini yuritish tartibi belgilangan edi.