
Tezkor tadbirlar davomida Farg‘ona va Qoraqalpog‘istonda yirik miqdordagi giyohvand moddalar qo‘lga olindi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.
Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan operatsiyada 1983-yilda tug‘ilgan fuqaro va uning sherigi 9 kilogramm 896 gramm «gashish»ni yashirin joydan olib chiqayotgan vaqtda ushlandi. Ularning yonidan $14,5 ming va 6 mln so‘m hamda qo‘shimcha ravishda uchinchi shaxs yashash joyidan 110 gramm «opiy», ikki elektron tarozi, $1,2 ming va 28 mln so‘m topildi. Mazkur giyohvand moddalar Farg‘ona vodiysida iste’molchilarga sotilishi rejalashtirilgani aytilmoqda.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham yirik miqdorda narkotik moddalar musodara qilindi. To‘rtkul va Xazorasp tumanlaridan ikki shaxs Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan 6 kilogramm 149 gramm «opiy» va 9 kilogramm 814 gramm ko‘knori somonini yashirin joydan olayotganida qo‘lga olindi.
Hozirda barcha gumondorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish belgilandi. Tergov jarayonida ular bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxslar ham aniqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mordoviyada o‘zbekistonlik ayol 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgani haqida yozgan edi.