Yangiliklar

IT Park rezidentlari uchun yangi to‘lov va reklama tizimi joriy etiladi

2026-yil 1-yanvardan boshlab
IT Park rezidentlari uchun yangi to‘lov va reklama tizimi joriy etiladi / Foto: IT Park

2026-yil 1-yanvardan IT Park rezidentlari uchun reklama va dasturiy ta’minotdan foydalanishga oid yangi tartib-qoidalar kuchga kiradi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Yangi tizim xalqaro savdo va investitsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, chet el hamkorligini rivojlantirish hamda to‘lovlarni qulaylashtirishga qaratilgan. To‘lovlar eksport tushumlari doirasida amalga oshiriladi va $500 mingdan oshmasligi kerak.

Reklama esa hukumat tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatdagi 100 mln dan ortiq auditoriyaga ega platformalarda joylashtiriladi. To‘lov va obunalar bo‘yicha ma’lumotlar «E-contrast» tizimida yuritiladi, biroq $5 minggacha bo‘lgan operatsiyalar bundan mustasno.

Mazkur o‘zgarishlar IT Park rezidentlariga global miqyosda faoliyatini kengaytirish, xalqaro to‘lov tizimlaridan foydalanish va biznesni yanada samarali rivojlantirish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yil mart boshidan aprel oxirigacha 132 ta eksportga yo‘naltirilgan kompaniya IT Park rezidenti maqomini olgani haqida yozgan edik.