
17-avgust kuni Jenevada O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan qabul marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva kelajak, barqaror taraqqiyot, madaniyat hamda qadriyatlar haqida fikr yuritdi.





Marosim cho‘g‘ida yana bir muhim yangilik e’lon qilindi: yaqin kunlarda Jenevadagi BMT binosida «O‘zbekiston xonasi» ochiladi.
«Bu – madaniyatimizning mo‘jazgina bir bo‘lagi ko‘p millatli hamjamiyatga namoyish etiladigan maskan bo‘ladi. Ushbu maskan har qanday qiyinchilik va ziddiyatlarga qaramay, bizning dunyoga ochiqligimiz ramziga aylanadi», — deya ta’kidladi Mirziyoyeva.
Shuningdek, Mirziyoyeva Jenevaga bo‘lgan tashrifi davomida Jahon savdo tashkiloti Bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashdi.

«Muloqot davomida yurtimizda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar, JSTga a’zo bo‘lish yo‘lidagi yangi ehtimoliy qiyinchiliklar hamda ishonch va hamkorlikning muhim ahamiyati haqida fikr almashdik», — dedi Prezident Administratsiyasi rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saida Mirziyoyeva taniqli tenor Andrea Bochellining Samarqanddagi konsertiga tashrif buyurgandi.