
Hukumat qaroriga muvofiq, «Mahalla fuqarolar yig‘ini yagona reestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom» tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Yagona reestr mahallalar haqidagi asosiy ma’lumotlarni jamlab, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan elektron hamkorlikda foydalaniladigan manba bo‘lib xizmat qiladi.
Reestrni O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari qarorlariga asoslanib shakllantiradi. U «Raqamli mahalla» axborot tizimi orqali yuritiladi.
Reestrda quyidagi ma’lumotlar aks etadi:
- mahallaning to‘liq va qisqa nomi;
- maxsus mahalla kodi;
- soliq to‘lovchi identifikatsiya raqami (STIR);
- kengash qarori sanasi va raqami;
- mahalla joylashgan hudud;
- hududiy chegaraning geoma’lumotlari.
Ma’lumot uchun, fuqarolar va tashkilotlar kerakli ma’lumotlarni reestrdan mahalla kodi yoki STIR orqali olishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mahallalarda yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi tartiblar joriy etilgan edi.