Mordoviyada o‘zbekistonlik ayol 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Rossiyaning Saransk shahrida joylashgan Proletarskiy tuman sudi 29 yoshli o‘zbekistonlik ayolga hukm chiqardi. U juda katta miqdordagi mefedronni sotishga uringanlikda aybdor deb topildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u ikki vatandoshi bilan birga Mordoviyaga 900 grammga yaqin giyohvand moddani olib kelgan. Uchlik Saransk va Sankt-Peterburgda beshta «zakladka» joylashtirgan. Ularning noqonuniy faoliyati 14-fevral kuni Saranskdagi uy oldida to‘xtatildi. Politsiya tekshiruvlari davomida 914 gramm mefedron musodara qilindi.
Sud qaroriga ko‘ra, ayol 8 yil umumiy tartibli koloniyada jazo o‘taydi. Uning sheriklariga oid ishlar alohida ko‘rib chiqilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bryanskda ikki nafar o‘zbekistonlik narkokuryer qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi.
Rossiya Federatsiyasi Bryansk viloyatida 22 yoshli ikki nafar O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi.
Viloyat prokuraturasi xabariga ko‘ra, ular Rossiya JKning 228.1-moddasi (giyohvand moddalarni sotishga urinish) bo‘yicha aybdor deb topildi va 8 yil qattiq tartibli koloniyada ozodlikdan mahrum etildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil boshida jinoyatchilar keyinchalik sotish uchun qariyb 20 gramm giyohvand moddani qo‘lga kiritgan. 2025-yil 21-mart kuni ular taksiga o‘tirib, «ishga» yo‘l olishgan. Biroq reja amalga oshmagan: mashina Bryansk tumanida politsiya tomonidan to‘xtatildi va noqonuniy moddalar musodara qilindi.
Hozirda sud qaroriga ko‘ra, ular jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tashlari belgilandi.