Nvidia Intel’ga $5 milliardlik investitsiya kiritdi

eʼlon qilindi
Bu orqali u Intel’ning to‘rt foizdan ortig‘iga egalik qiladi
Nvidia Intel’ga $5 milliardlik sarmoya kiritdi / Foto: Mobile World Live

Nvidia kompaniyasi Intel’ning $5 mlrdlik oddiy aksiyalarini sotib olish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, xarid narxi har bir aksiya uchun $23,28 ni tashkil etadi. Buning natijasida Nvidia Intel’da to‘rt foizdan ortiq ulushga ega bo‘ladi.

Ushbu xabar AQSh hukumati Intel’ga yaqinda $8,9 mlrd sarmoya kiritganidan so‘ng e’lon qilindi. Prezident Donald Tramp Intel’ni «Buyuk Amerika kompaniyasi» deb atab, ushbu bitimni mamlakat chip sanoati kelajagi uchun muhim qadam sifatida baholadi.

Bitimning maqsadi — AQShda yarimo‘tkazgich ishlab chiqarishni rivojlantirish va Xitoy bilan raqobatda yetakchilikni mustahkamlash. Shu bilan birga, Nvidia va Intel data markazlar hamda shaxsiy kompyuterlar uchun maxsus mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqish ustida ishlaydi.

«Bu Intel uchun o‘yin qoidalarini o‘zgartiruvchi kelishuv. Endi u SI sohasida ortda qolmagan, balki muhim katalizatorda aylanmoqda», deya ta’kidladi Wedbush Securities kompaniyasidagi soha mutaxassislari.

Bitim e’lon qilingach, Nvidia aksiyalari premarket savdolarida keskin ko‘tarildi, ammo kun davomida biroz pasaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Alphabet uch trillion dollardan ortiq kapitalga ega bo‘lgan to‘rtinchi kompaniyaga aylangan edi.

Shuningdek