
Toshkent shahrining Olmazor tumanida 24 yoshli ayol ikki farzandi va o‘zini ko‘p qavatli uydan tashladi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Hodisa 17-sentabr kuni soat 14:18 da sodir bo‘lgan. Ayol dastlab 1 va 3 yoshli o‘g‘illarini 4-qavat yo‘lagidan pastga tashlab yuborgan, so‘ngra 8-qavatdan o‘zini tashlagan. Natijada ayol shifoxonada vafot etdi, bolalarning hayoti esa saqlab qolindi.
Bosh prokuraturaning dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, voqeaga er-xotin o‘rtasidagi rashk sababli kelib chiqqan kelishmovchilik turtki bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan JKning 25,97-moddasi (qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda kuchli dori vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxs ushlangani haqida xabar bergan edi.