Toshkentda Moskva davlat texnika universiteti filiali ochiladi

Toshkent shahrida Nikolay Ernestovich Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali tashkil etiladi. Bu haqda prezident qarori qabul qilindi.
Yangi filialning asosiy maqsadi muhandislik sohasida chuqur ilmiy-texnik bilimlarga ega, innovasion yondashuvlarni qo‘llay oladigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va ilmiy-tadqiqotlar olib borishdan iborat.
Filialda ta’lim jarayoni 2026/2027-o‘quv yilidan boshlanadi. Talabalar davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.
Shuningdek, 2025/2026-o‘quv yilidan Moskva davlat texnika universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti hamkorligida magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Filial bitiruvchilari universitetning belgilangan namunadagi diplomini qo‘lga kiritadi va bu hujjat O‘zbekistonda oliy ma’lumot sifatida tan olinadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston va Yaponiya qo‘shma universitet tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani haqida yozgandi.