
Toshkentda Badminton bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionatining rasmiy ochilish marosimi o‘tkazildi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri ma’lum qildi.
Marosimda nutq so‘zlagan badminton federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov Prezidentimiz tomonidan yurtimizda sport sohasiga qaratilayotgan e’tibor sabab bugunga kelib barcha sport turlarida, jumalada, badmintonda ham ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanayotganini ta’kidladi.
Marosimda shuningdek, Olimpiya Qo‘mitasi raisning birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, Badminton Osiyo taraqqiyot qo’mitasi raisi Wajid Ali Chaudhry hamda Sport vaziri Adham Ikromov qatnashdi.
«Bugungi kunga kelib O‘zbekistonda badminton sportining bir qator iqtidorli va umidli vakillari yetishib chiqmoqda. Mazkur chempionat yana yangi iqtidorlarni kashf etishi shubhasiz! Badminton chempionati shunchaki musobaqa emas, bu O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iz Respublikasi, Turkmaniston, Eron va Mo‘g‘uliston yoshlarini birlashtiruvchi, ular o‘rtasida samimiy do‘stlik aloqalarini mustahkamlovchi, yoshlarni sport bilan shug‘ullanish va sog‘lom turmush tarziga undovchi muhim maydon hamdir. Fursatdan foydalanib, Markaziy Osiyo Badminton chempionatining barcha ishtirokchilariga muvaffaqiyat tilayman. Ishonamanki, mazkur chempionat sizning sportdagi faoliyatingizda muhim ahamiyat kasb etadi», — dedi Abduhakimov.







Foto: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan
Mazkur chempionatda 7 ta davlat — O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Eron va Mo‘g‘ulistonning eng kuchli badminton ustalari U-23, U-17 va U-15 yosh toifalarida ishtirok etmoqda.






Foto: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Humo» arenada stol tennisi bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi 29-Osiyo chempionati yakuniga yetgani haqida xabar berilgandi.