Yevrokomissiya Isroilga moliyaviy yordamni ikki yilga to‘xtatdi

eʼlon qilindi
Qaror 2025–2027-yillar uchun mo‘ljallangan yordam hamda amaldagi ayrim hamkorlik loyihalariga taalluqlidir
Foto: AP /Jehad Alshrafi

Yevrokomissiya (YK) G‘azo sektorida davom etayotgan harbiy amaliyotlar fonida Isroilga ajratiladigan moliyaviy yordamni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Qaror 2025–2027-yillar uchun mo‘ljallangan yordam hamda amaldagi ayrim hamkorlik loyihalariga taalluqlidir.

YK rahbari Ursula fon der Lyayenning so‘zlariga ko‘ra, G‘azoda yuz berayotgan dahshatli voqealar darhol to‘xtatilishi zarur. U shuningdek, o‘t ochishni to‘xtatish, gumanitar yordamga to‘liq yo‘l ochib berish va Hamas tomonidan asir olingan barcha garovdagilarni ozod qilish kerakligini ta’kidladi.

«Yevropa Ittifoqi gumanitar yordamning eng yirik donorlaridan biri bo‘lib qolmoqda va ikki davlat tamoyiliga sodiqdir. Shu prinsiplar asosida biz Isroil bilan moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish bo‘yicha taklif bildirdik. Biroq bu chora fuqarolik jamiyati tashkilotlari hamda Yad Vashem Xolokost yodgorligi bilan hamkorlikka ta’sir qilmaydi», — deyiladi YK bayonotida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qaror Yevropa Ittifoqi–Isroil hamkorlik mexanizmi doirasidagi institutsional loyihalar va kelgusidagi tashabbuslarga ham taalluqli. Shu bilan birga, gumanitar dasturlar cheklovlardan mustasno bo‘lib qoladi.

Yevropa Ittifoqi–Isroil assotsiatsiya bitimining 2-moddasida inson huquqlari va demokratik qadriyatlarga rioya qilish majburiyati belgilangan. Bu band buzilgan taqdirda, Yevropa Ittifoqi bir tomonlama hamkorlik doirasini cheklash huquqiga ega.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevropa Ittifoqi yangi sanksiyalar paketida rossiyaliklarga viza cheklovini kiritmoqchiligi haqida yozgandi.

Shuningdek