Yangiliklar

Yevropa Ittifoqi yangi sanksiyalar paketida rossiyaliklarga viza cheklovini kiritmoqchi

Shuningdek, banklar, energetika sohasi va «soya floti»ga nisbatan choralar nazarda tutilmoqda
YI va AQSH Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishni rejalashtirmoqda
Foto: Institut of Export

Yevrokomissiya (YI) 19-sentabr kuni Rossiyaga qarshi navbatdagi 19-sanksiyalar paketini taqdim etadi. Unda banklar, energetika sohasi va «soya floti»ga nisbatan choralar nazarda tutilmoqda. Bu haqda «RBK» nashri Handelsblatt’ga tayanib xabar berdi.

Shuningdek, AQSh bosimi ostida YI Rossiya neftining yirik xaridorlari bo‘lgan Xitoy va Hindistonga ham bosimni kuchaytirishi kutilmoqda. Bu davlatlardagi ayrim banklar va neftni qayta ishlash zavodlari qora ro‘yxatga kiritiladi. Biroq Vashington talab qilgan bojxona bojlari kiritilmaydi.

Yangi paket Rossiya fuqarolari uchun vizaga cheklovlarni ham qamrab oladi. Bryussel yagona qoidalar ishlab chiqib, turist vizalarini berishda qat’iyroq mezonlar joriy etmoqchi. Shuningdek, diplomatlarga Shengen hududida erkin harakatlanishni taqiqlash masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Avval sanksiyalarni 16-sentabr kuni e’lon qilish rejalashtirilgan edi, ammo Yevrokomissiya uni kengaytirishga qaror qilgani sababli muddat kechiktirildi.

YI rahbari Ursula fon der Lyayen AQSh prezidenti Donald Tramp bilan muloqotida yangi paket kriptovalyuta, banklar va energetika sohasiga qaratilishini, shuningdek, Rossiya yonilg‘isidan voz kechish jarayonini tezlashtirish taklif etilishini ma’lum qildi.

Ukrainadagi mojaro fonida Yevropa davlatlari Rossiya energiya resurslaridan bosqichma-bosqich voz kechmoqda. Biroq Vengriya va Slovakiya hali ham Rossiya nefti va gazini qabul qilmoqda.

Moskva esa YI sanksiyalarini noqonuniy deb atamoqda va ularga milliy manfaatlardan kelib chiqib javob berilishini bildirmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevrokomissiya Rossiyaga qarshi 19-paket sanksiyalarini taqdim etishni kechiktirgani haqida yozgandi.