
Abbosbek Fayzullaevning agenti German Tkachenko ma’lum qilishicha, futbolchi SSKAdan Lissabonning «Benfika» klubiga borishi mumkin edi, ammo siyosiy sabablar tufayli transfer amalga oshmadi.
Tkachenkoning so‘zlariga ko‘ra, deyarli bir yil avval «Benfika» bilan muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Klub rahbariyati Fayzullaevni sotib olishdan bosh tortgan va bu qarorni jamoada ukrain futbolchilar borligi bilan izohlagan.
«Ehtimol, ular Abbosbek o‘zbek ekanini bilmagan. Yoki boshidanoq Rossiya klublari bilan hamkorlik qilish taqiqlanganini tushungan», — degan agent Sports.ru nashriga.
Fayzullaev 2023-yil iyulidan SSKA tarkibida o‘ynadi. Moskva klubi safida u 72 ta o‘yinda maydonga tushib, 8 gol urdi va 22 ta golli uzatma berdi. Shu davr ichida yarimhimoyachi Rossiya Kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritdi, shuningdek RPLda bronza medallarini yutib oldi.
Hozirda Fayzullaev Turkiyaning «Istanbul Basaksehir» klubi sharafini himoya qilmoqda. Matbuot xabarlariga ko‘ra, uning SSKAdan turk jamoasiga transfer summasi 7,5 mln yevroni tashkil qilgan. U yerda o‘zbekistonlik futbolchi bilan besh yillik shartnoma imzolangan.
Avvalroq Shomurodov va Fayzullayev jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlangani haqida yozgan edi.