
UEFA Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 1-turida Abduqodir Husanov to‘p suradigan «Manchester Siti» o‘z maydonida «Napoli»ni qabul qildi va 2:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi.
Uchrashuvdagi gollarga Erling Holand va Jeremi Doku mualliflik qildi. Norvegiyalik hujumchi 56-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, 65-daqiqada belgiyalik vinger hisobdagi ustunlikni mustahkamladi.
«Manchester Siti»ning o‘zbekistonlik himoyachisi Abduqodir Husanov bahsni asosiy tarkibda boshlab, uchrashuvda to‘liq harakat qildi. Statistikaga ixtisoslashtirilgan SofaScore nashri 21 yoshli futbolchining o‘yinini 6,9 ballga loyiq ko‘rdi.

Shuningdek, Flashscore nashri ham uchrashuvdan so‘ng futbolchilarning maydondagi harakatlarini baholab chiqdi. Unga ko‘ra, Husanovga 7,1 ball qo‘yildi.

Abduqodir Husanov «Napoli»ga qarshi o‘yinda 93 marta to‘pga tegindi va jamoadoshlariga 79 ta uzatma berdi (78 tasi aniq). Shuningdek, 2 marta raqibdan to‘pni olib qo‘ydi hamda 2 ta yo‘qotilgan to‘pni qaytarib oldi.
Bundan tashqari, Husanov 3 bor yakkakurashlarga kirdi va ularning 2 tasini yutib chiqdi. Bitta zarbani to‘sib qoldi hamda 1 ta muvaffaqiyatli dribling amalga oshirdi.
Qayd etish joiz, o‘zbekistonlik himoyachi ushbu bahsda uzatmalar aniqligi bo‘yicha «Manchester Siti»dagi eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov 2025-yilning yanvar oyida «Manchester Siti» futbolchisiga aylangandi. Tomonlar o‘rtasida 2029-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzolangan.