Google Gemini endi Chrome’da bepul foydalanish mumkin

Google kompaniyasi sun’iy intellektli chat-bot Geminini Chrome brauzeriga integratsiya qilishini e’lon qildi. Bu haqda Engadget ma’lum qildi.
Avvallari ushbu yordamchidan foydalanish uchun faqat AI Pro yoki AI Ultra obunasi talab qilinar edi. Endilikda esa Windows va macOS’da ishlaydigan Chrome foydalanuvchilari uni bepul sinab ko‘rishlari mumkin.
Yangi imkoniyat dastlab AQShdagi foydalanuvchilarga taqdim etildi. Chrome ingliz tilida o‘rnatilgan bo‘lsa, interfeysning yuqori qismida maxsus belgi paydo bo‘ladi. Android qurilmalarda esa Gemini’ni quvvat tugmasini bosib turish orqali chaqirish mumkin. iOS uchun versiya ustida hozircha ish olib borilmoqda.

Google ma’lumotiga ko‘ra, Gemini endi bir nechta varaqlarda ishlay oladi, turli saytlar ma’lumotlarini solishtirish va umumlashtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, foydalanuvchi unutgan ma’lumotni tez topish uchun brauzer tarixiga murojaat qilish funksiyasi ham qo‘shilgan.
Yangi versiya boshqa Google servislariga ham chuqurroq integratsiya qilindi. Masalan, yordamchi Kalendar orqali uchrashuv belgilash, YouTube videolarida vaqt belgilarini qo‘shish yoki Xaritalar orqali kerakli joylarni aniqlashda yordam bera oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gemini ilovasi Apple’ning App Store reytingida birinchi o‘rinni egallab, ChatGPT’ni ortda qoldirgani haqida yozgan edik.