Yangiliklar

Italiya porti Isroilga qurol yetkazishni to‘xtatdi

Genuya va Livorno portlari ham 22-sentabrdan Isroilga yopiladi
Italiya porti Isroilga qurol yetkazishni to‘xtatdi / Foto: Decode39

Italiyaning Ravvenna porti Isroilga qurol olib ketayotgani aytilgan ikkita yuk mashinasini qabul qilishdan bosh tortdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, qaror port ishchilari va kasaba uyushmalarining G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlarga qarshi noroziliklari fonida qabul qilindi.

Ravvenna meri Alesandro Barattoni ta’kidlashicha, Italiya hukumati Isroilga qurol sotishni taqiqlagan bo‘lsa-da, byurokratik bo‘shliqlar sababli boshqa davlatlardan o‘tib kelayotgan yuklarga yo‘l ochilishi qabul qilib bo‘lmas holatdir.

Kasaba uyushmalari esa 22-sentabr kuni Genuya va Livorno portlarida ham qurol tashish faoliyatini to‘sib qo‘yishni rejalashtirmoqda. Ularning talabiga ko‘ra, Italiya hukumati Isroil bilan barcha tijoriy va harbiy hamkorlikni to‘xtatishi, G‘azodagi gumanitar blokadani bekor qilishi hamda Falastin davlatini tan olishi kerak.

G‘azo sog‘liqni saqlash rasmiylariga ko‘ra, Isroilning hozirgi harbiy amaliyoti natijasida 65 mingdan ortiq odamlar halok bo‘lgan. Ularning aksariyati tinch aholi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevrokomissiya G‘azo sektorida davom etayotgan harbiy amaliyotlar fonida Isroilga ajratiladigan moliyaviy yordamni vaqtincha to‘xtatgan edi.