Yangiliklar

Kongoda Ebola virusi tarqalishi oqibatida 31 kishi hayotdan ko‘z yumdi

Sentabr oyining boshida epidemiya e’lon qilindan
Kongoda Ebola virusi tarqalishi oqibatida 31 kishi hayotdan ko‘z yumdi / Foto: WSJ

Kongo Demokratik Respublikasida Ebola bilan bog‘liq 48 ta holat tasdiqlanib, 31 kishi vafot etdi. Bu mamlakatda so‘nggi uch yildagi birinchi Ebola epidemiyasi hisoblanadi, deya xabar bermoqda Reuters.

Epidemiya sentabr boshida e’lon qilingan bo‘lib, u asosan Kasai viloyatida kuzatilmoqda. Hududning zich tropik o‘rmonlari virusning tabiiy manbai sanaladi. Ebola isitma, mushak og‘riqlari, diareya kabi belgilarni keltirib chiqaradi va tuzalgan bemorlarning organizmida ham yillar davomida yashirin qolishi mumkin.

Foto: Unicef

JSST ma’lumotiga ko‘ra, birinchi bosqichda 400 doza Ervebo vaksinasi yetkazilgan, mamlakat zaxirasida yana 2 ming doza mavjud. 900 dan ortiq kontakt shaxslar ro‘yxatga olinib, ularning sog‘ligi kuzatib borilmoqda.

Bundan tashqari, 14 tonnadan ortiq tibbiy vositalar va jihozlar yetkazilgan, maxsus davolash markazi tashkil etilib, hozirda 16 bemor shu yerda davolanmoqda. Birinchi ikki bemor to‘liq sog‘ayib, shifoxonadan chiqarildi.

Foto: Council of foreign relations

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) ham ogohlantirish bergan bo‘lib, virusning Kongo tashqarisiga tarqalish xavfi hozircha past darajada baholanmoqda. Shu bilan birga, mutaxassislar xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, tezkor emlash va davolash choralarini davom ettirish zarurligini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti chivinlar orqali yuqadigan Chikungunya virusi bo‘yicha ogohlantirish bergan edi.