
2026-yil 1-dekabrgacha O‘zbekistonda «Raqamli hukumat» tizimining yangi «Oasis» yagona raqamli platformasi ishga tushiriladi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Yangi platforma davlat axborot tizimlarini yaratish va rivojlantirishda yagona texnologik yondashuvni ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, modullarga asoslangan texnologiyalar yordamida axborot tizimlarini ishlab chiqish jarayonlari soddalashtiriladi va ularning moslashuvchanligi, xavfsizligi hamda samaradorligi oshiriladi.
Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-noyabrdan «Raqamli startaplar» dasturi va Markaziy bankning «tartibga solish qumdoni» loyihalarida qatnashayotgan startaplarga Raqamli ma’lumotlar platformasidan 1 yilgacha bepul foydalanish huquqi beriladi.
Shuningdek, IT Park rezidentlari bo‘lgan xorijiy mutaxassislar uchun ham qulayliklar yaratiladi. Endilikda ular O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali shaxsiy identifikatsiya raqamini olish imkoniga ega bo‘lib, masofadan turib bank hisobvaraqlari va virtual bank kartalari ochishlari mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi reytingi joriy etilishi haqida xabar bergan edik.