
Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar yuzasidan hisobot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Davlat rahbari birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini xalqaro tajribaga asoslangan yangi model asosida rivojlantirish muhimligini qayd etdi. Bu jarayonda oilaviy shifokor punktlari, poliklinikalar va mahalla tibbiyot markazlarini yagona yondashuvda takomillashtirish rejalashtirilmoqda.
Rejalarga ko‘ra, oilaviy shifokorlar ulushi 70 foizga yetkaziladi. Raqamlashtirish orqali tibbiyot xodimlarining yuklamasi sezilarli kamayadi, aholining birlamchi bo‘g‘in xizmatlaridan qoniqish darajasi esa 85 foizdan oshiriladi. Shuningdek, shifokorlarni rag‘batlantirish tizimi ularning kasbiy samaradorligiga bevosita bog‘lanadi.
Yig‘ilishda ixtisoslashgan tibbiy yordam masalalari ham muhokama qilindi. Respublikadagi ilmiy-amaliy markazlarni zamonaviy boshqaruv asosida rivojlantirish, xorijiy professional menejerlarni jalb qilish taklifi bildirildi. Shu bilan birga, xalqaro standartlar asosida klinik protokollarni yangilash ishlari davom etmoqda, yil oxirigacha ularning soni ikki baravar ko‘payadi.
Bolalar salomatligi ham alohida e’tiborda bo‘ldi. Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy dastur ishlab chiqiladi. JSST va YUNISEF tashabbuslari doirasida tibbiyot muassasalarida maxsus sharoitlar yaratiladi, shifokorlar va onalar uchun o‘quv dasturlari joriy etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ishtirok etishi haqida yozgan edik.