
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 18-sentabr kuni telekommunikatsiya bozorini bosqichma-bosqich liberallashtirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, mamlakatda faoliyat yuritayotgan, lekin hozircha xalqaro internet tarmoqlariga bevosita ulanish huquqiga ega bo‘lmagan operatorlarga 2030-yil 1-yanvargacha sinov tariqasida bunday imkoniyat beriladi.
Mazkur chora telekommunikatsiya sohasiga ko‘proq sarmoya jalb qilish va foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilashga xizmat qiladi.
Avvalroq Senat yig‘ilishida mobil aloqa operatorlari tomonidan abonentlarning roziligisiz pullik SMS va xizmatlarga avtomatik ulash holatlari ko‘payayotgani muhokama qilingandi.
Unga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvar holatida mamlakatda 36 milliondan ortiq mobil aloqa abonenti bor. Mazkur pullik xizmatlarni operatorlar emas, balki 100 dan oshiq kontent provayderlar ko‘rsatmoqda. Ularning ba’zilarining faoliyati telekommunikatsiya kompaniyalari bilan tuzilgan hamkorlik shartnomalariga asoslangan.
Bu bo‘yicha Raqamli texnologiyalar vazirligi yangi tahrirdagi «Telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari» idoraviy normativ-huquqiy hujjati loyihasi 149-bandi quyidagi tahrirda to‘ldirilishini ma’lum qildi. Ya’ni abonentlarni pulli xizmatga ulash ikki bosqichda amalga oshiriladi:
- birinchi bosqichda, abonent tomonidan tanlangan xizmat haqida abonentga ma’lumot berish;
- ikkinchi bosqichda tanlangan xizmatni ulash uchun abonentning rozilik tasdig‘ini olish.