Investitsiyalar

O‘zbekistondagi kompaniyalar issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish orqali qanday daromad topishi mumkin

Bu haqda Kursiv Uzbekistan Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakili bilan suhbatlashdi
Kompaniyalar issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish orqali qanday daromad topishi mumkin / Фото: depositphotos.com

O‘zbekistonda korxonalar investitsiya jalb qilish uchun yangi mexanizmga ega bo‘ldi: ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish tashqi moliyalashtirish hisobidan amalga oshiriladi va to‘lovlar uglerod birliklari orqali qoplanadi. Bunday imkoniyat yaqinda qabul qilingan issiqxona gazlari chiqindilarini cheklash to‘g‘risidagi qonun hamda prezidentning xalqaro uglerod birliklari bozorida ishtirok etish choralari haqidagi farmoni asosida yaratildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tarkibidagi Yashil iqtisodiyotga o‘tish va rivojlantirishni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Shoxzod Islamov Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu biznes uchun «qarz yuki bo‘lmasdan modernizatsiya qilishning real yo‘lini» ochadi. Yondashuvning mohiyati oddiy: agar kompaniya resurslar iste’molini va shunga mos ravishda zararli chiqindilarni kamaytirsa, bu farq uglerod birliklariga aylantirilishi mumkin. Ularni investorga pul va texnologiyalar evaziga topshirish mumkin.

«Masalan, g‘isht ishlab chiqaruvchi ilgari kuniga 100 dona g‘isht chiqarish uchun 100 kub metr gaz sarflagan. Modernizatsiyadan so‘ng esa u shuncha g‘isht ishlab chiqara oladi, lekin atigi 50 kub gaz ishlatadi. Bu qisqarish qayd etiladi va uglerod birliklariga aylantiriladi. Ana shu birliklar investorga mo‘ljallangan «almashinuv pul birligi»ga aylanadi», — deya tushuntirdi Islamov.

Xalqaro maydon

O‘zbekiston 2018-yilda ratifikatsiya qilingan Parij iqlim kelishuvining ishtirokchisi hisoblanadi. Ushbu mexanizmga ko‘ra, har bir davlat issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirish majburiyatini oladi. Biroq rivojlangan mamlakatlar o‘z hududida modernizatsiya imkoniyatlarining chegarasiga yetgan bo‘lsa, ular boshqa davlatlardagi loyihalarga sarmoya kiritishi va u yerdagi qisqartirish natijasida yaratilgan uglerod birliklarini «almashib olishi» mumkin.

«Masalan, Germaniyadan bir kompaniya O‘zbekistondagi zavod modernizatsiyasini moliyalashtirishi mumkin, natijada yaratilgan uglerod birliklari Germaniyaning iqlimiy majburiyatlariga qo‘shib yoziladi. Bu o‘zaro foyda keltiradi: bizning biznes investitsiya va yangi texnologiyalar oladi, investor esa o‘z majburiyatlarini bajarish uchun zarur vositaga ega bo‘ladi», — deya ta’kidladi Islamov.

Kompaniyalar uchun foyda

Bunday mexanizm, ayniqsa, hali ham eski texnologiyalarda ishlayotgan va kredit olish imkoniyati bo‘lmagan korxonalar uchun muhimdir. Ular yuqori stavkali qarzlar o‘rniga, kelajakda chiqindilar va resurslarni tejash hisobidan investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

«Qonun korxonalarga majburiyat yuklamaydi, aksincha imkoniyatlar eshigini ochadi. Qisqartirilgan chiqindilar davlat va korxona o‘rtasida taqsimlanadi, biznes esa rivojlanish uchun zarur resurslarni jalb qilishi mumkin», — deya ta’kidladi u.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan issiqxona gazlari chiqindilarini cheklash bo‘yicha yangi qonun qabul qilingani haqida yozgandi.