Yangiliklar

Prezident BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ishtirok etadi

20–24-sentabr kunlari
Prezident BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ishtirok etadi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev 20–24-sentabr kunlari BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun AQShning Nyu-York shahrida bo‘ladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Prezident BMT Bosh Assambleyasi yalpi sessiyasi umumiy munozaralarining birinchi kunida nutq so‘zlashi rejalashtirilgan. Unda global xavfsizlik va barqarorlik, Barqaror rivojlanish maqsadlari, xalqaro moliya tizimi va BMT faoliyatini isloh qilish masalalari, shuningdek, iqlim o‘zgarishi kabi dolzarb muammolar muhokama qilinadi.

Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan muzokaralar olib boradi. Shuningdek, xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari, xalqaro moliyaviy institutlar bilan uchrashuvlar o‘tkazishi kutilmoqda.

Prezidentning ishbilarmonlik dasturidan AQShning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy-investitsiya tuzilmalari bilan uchrashuvlar ham o‘rin olgan. Tashrif yakunida qator yangi kelishuv va shartnomalar imzolanishi rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Uchinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali qatnashchilarini tabriklagan edi.