
Shavkat Mirziyoyev Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tayotgan Uchinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali va Xalqaro kulolchilik forumi ishtirokchilarini tabrikladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Prezident o‘z tabrigida festival va forum mehmonlarini samimiy qutlab, qadimiy va navqiron Qo‘qon shahrida o‘tayotgan mazkur san’at bayrami xalq amaliy san’atini rivojlantirish, hunarmandchilik maktablari va an’analarini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Yana ta’kidlanishicha, bu yilgi festivalda dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan 300 nafarga yaqin mohir ustalar, xalqaro tashkilotlar va ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etayotgani O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori yuksalib borayotganidan dalolatdir.
Tabrikda, shuningdek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda hunarmandchilikka katta e’tibor qaratilayotgani, bu yo‘nalish iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga aylangani alohida qayd etildi. Xususan, hunarmandchilik markazlarining tashkil etilishi, ishlab chiqarish hajmining 1,5 trln so‘mdan oshgani va mahsulotlar eksport geografiyasining kengayib borayotgani bu boradagi yutuqlar sifatida tilga olindi.
Prezident «Ustoz-shogird» an’anasini davom ettirish orqali 118 ming nafar yoshlarning, jumladan, kam ta’minlangan, vaqtincha ishsiz va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning bandligi ta’minlangani hamda hunarmandlarning fidokorona mehnati davlat mukofotlari bilan munosib rag‘batlantirilayotgani haqida alohida to‘xtaldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Namangandagi xalqaro forumdagi nutqida «mahallabay» ishlash tizimi o‘zini to‘liq oqlaganini ta’kidlagan edi.