Rossiya migrantlar uchun patent tizimini bekor qilishi mumkin

eʼlon qilindi
Putin bu haqda davlat dumasidagi fraksiyalar yetakchilari bilan uchrashuv doirasida aytib o‘tgan
migrant
Rossiya migrantlar uchun patent tizimini bekor qilishi mumkin. Foto: RIA Novosti / Yevgeniy Yepanchinsev

Prezident Vladimir Putin Rossiyadagi mehnat muhojirlari uchun patent tizimini bekor qilish haqida o‘ylash kerakligini aytdi. Bu haqda «RBK» nashri xabar berdi.

Putin bu haqda davlat dumasidagi fraksiyalar yetakchilari bilan uchrashuv doirasida aytib o‘tgan.

«Patent tizimini bekor qilish haqida o‘ylab ko‘rish mumkin. U keng qo‘llaniladi. Hech narsani inkor etmayman. Sizlardan hamkasblaringiz bilan birga bu masalada ishlashingizni so‘rayman», dedi Putin.

Rossiya rahbari, shuningdek, migratsiya sohasi rossiyaliklar uchun sezgir ekanini aytdi.

«Bu fuqarolar uchun juda nozik soha va hokimiyat na federal darajada, na mahalliy darajada o‘zini muammo yo‘qdek ko‘rsatmasligi kerak. Bu masalalar bor, ularni hal qilish kerak, lekin ularni doimiy e’tiborda tutmasangiz, hal qilib bo‘lmaydi», dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 1-sentabrdan migrantlar yagona mehnat patenti asosida ikkita hudud – Sankt-Peterburg va viloyatida qonuniy ishlash huquqiga ega bo‘lgandi. Ushbu hududlarda xorijiy fuqarolar uchun yagona mehnat patenti narxi olti ming rubldan (940 ming so‘m) sakkiz ming rublga (1,3 mln so‘m) oshirilgan. 

Bundan tashqari, 2025-yil 1-sentabrdan Moskva va Moskva viloyatida xorijiy fuqarolarni hisobga olishning yangi tajriba tartibi joriy etilgan. Endilikda O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Armaniston, Qozog‘iston, Gruziya, Ozarbayjon, Moldova va Ukrainadan ish uchun kelayotgan migrantlar maxsus «Amina» mobil ilovasini o‘rnatishi shart bo‘ladi.

Ilova orqali migrantlar yashash manzilini onlayn ro‘yxatdan o‘tkazishi, manzil o‘zgarganda ichki ishlar organlarini masofadan turib xabardor qilishi mumkin. Shuningdek, ilova foydalanuvchining geolokatsiyasini avtomatik tarzda kuzatadi.

Shuningdek