
Rossiyaning Kamchatka o‘lkasi qirg‘oqlarida yuz bergan zilzila ortidan Vladivostok shahridagi Bosh konsulxona hududdagi o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqdi.
Unga ko‘ra, 19-sentabr kuni Kamchatkada 7,2 magnitudali zilzila qayd etilgan. Petropavlovsk-Kamchatskiy va Vilyuchinsk shaharlarida yetti ballgacha sezilgan hamda sunami haqida ogohlantirish berilgan.
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlar va vayronalar haqida hozircha xabar yo‘q. Favqulodda xizmatlar yuqori tayyorgarlikda turibdi.
O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi vazirlik va mahalliy hokimiyat bilan aloqada ekanini, fuqarolardan zarurat tug‘ilganda +7 (423) 260-48-00 yoki +7 (902) 078-70-07 raqamlariga murojaat etish mumkinligini ma’lum qildi.
Bundan oldin Rossiyaning Kamchatka yarimoroli yaqinida sodir bo‘lgan 8,7 magnitudali zilzila ortidan sunami yuzaga kelgandi. Bu 1952-yildan beri kuzatilgan eng kuchli zilzila bo‘lgan.