Samarqandda Italiyaning Tushia universiteti filiali ochiladi

Samarqandda Italiyaning Tushia universiteti filiali tashkil etiladi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Universitet O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda Samarqand agroinnovatsiya va ilmiy tadqiqot institutida qo‘shma kampus ochadi.
Filialning rasmiy ochilish marosimi 2025-yil 30-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi, darslar esa 2026-yil yanvardan boshlanadi.
«Italiya universitetlari qatorida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha tarixda ilk bor Tushianing birinchi xorijdagi filiali O‘zbekistonda ochiladi. Biz bundan juda xursandmiz», — dedi rektor Stefano Ubertini.
Filialda o‘zbek talabalariga Italiyadagi agrar sohaning ilg‘or tajribasi va zamonaviy texnologiyalar asosida ta’lim beriladi. Tushia universiteti 1979-yilda tashkil topgan bo‘lib, bugungi kunda sakkiz mingdan ortiq talaba tahsil oladi.
Avvalroq Toshkent shahrida Nikolay Ernestovich Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali tashkil etilishi haqida xabar qilingandi. Yangi filialning asosiy maqsadi muhandislik sohasida chuqur ilmiy-texnik bilimlarga ega, innovasion yondashuvlarni qo‘llay oladigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va ilmiy-tadqiqotlar olib borishdan iborat.
Filialda ta’lim jarayoni 2026/2027-o‘quv yilidan boshlanadi. Talabalar davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.