
Sotuvlar va reklama flagmanlarga qaratilganda, yaxshi narx – imkoniyat nisbatini beradigan qurilmalar ko‘zdan qochadi. Kursiv Uzbekistan Palach nashriga tayanib, e’tibordan chetda qolgan 5 ta smartfon haqida qiziqarli ma’lumotlarni tayyorladi.

Tecno Spark 40 Pro+
Narxiga nisbatan juda qulay smartfon. AMOLED displey 144 Hz yangilanish tezligiga va 1,5K aniqlikka ega. Yorqinligi baland, uzoq ochiq havoda ham ko‘rinarli.
5200 mA/soat batareya va qutidan 45 Vt quvvatlagich tez to‘ldiradi. Lekin kamera imkoniyatlari o‘rtacha, stabilizatsiya yo‘q. O‘rtacha o‘yinlar, ijtimoiy tarmoqlar va kundalik vazifalar uchun yetarli.

Realme 12 Pro+
Budjet kamerafonlarning klassik tanlovi. 64 MP periskop telefoto 3× optik zum bilan yaxshi portretlar beradi. Asosiy modul IMX890 va OIS’ga ega. Ekran 120 Hz, protsessor Snapdragon 7s Gen 2. 67 Vt zaryad ~45 daqiqada to‘ldiradi.

Vivo S30 Pro mini
Kichik tana, katta quvvat. 150,8 mm balandlikdagi ixcham korpus, LTPO AMOLED 1–120 Hz, 6500 mA·soat batareya. Dimensity 9300+ og‘ir ilovalarda ham yuqori unum beradi. Biroq model Xitoy bozoriga yo‘naltirilgan: ayrim LTE/5G chastotalari yo‘q bo‘lishi mumkin, sovitish tizimi yuklama ostida qizishi ehtimoli bor.

Honor 400 Pro
Hammasi balansda degan ta’rifga mos. IP68/IP69 himoya, 1,5K 120 Hz OLED, Snapdragon 8 Gen 3. Kamera tizimi kuchli: 200 MP asosiy, 50 MP 3× telefoto va ultra-keng. 100 Vt simli va 50 Vt simsiz zaryad tez. Plastik ramka va dinamik yangilanishi bo‘lmagan ekran – asosiy minuslar.

iQOO 13
O‘yinlar uchun zo‘r tanlov. 2K LTPO AMOLED 144 Hz, Snapdragon 8 Elite, katta sovitish tizimi bilan barqaror FPS. 6150 mA/soat batareya va 120 Vt zaryad bor. Kameralar yaxshi, lekin raqiblardagi telefoto yoki o‘zgaruvchan diafragma darajasida emas.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yilning ikkinchi choragida eng ko‘p qaysi smartfonlar xarid qilinganligi haqida xabar bergan edi.