Toshkent viloyati aholisi qo‘lidan sakkiz mingta o‘tkir tig‘li buyum topildi

Toshkent viloyati IIBB Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi davomida olib borilgan faoliyat natijasida ko‘plab huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldi olindi hamda fosh etildi.
Hisobotlarga ko‘ra, PPX xodimlari ishtirokida jami 294 ta jinoyat aniqlangan bo‘lsa, shundan 189 tasi bevosita ularning sa’y-harakatlari bilan fosh etilgan. Shuningdek, 136 ta holatda jinoyat sodir etilishidan avval uning oldi olingan.
Bundan tashqari, xodimlar tomonidan 188 nafar qidiruvda bo‘lgan shaxs aniqlangan, shaxsan PPX xodimlari tomonidan esa 115 nafar shaxs qo‘lga olingan. Shuningdek, 40 nafar bedarak yo‘qolgan fuqaro topilgan, 1 573 nafar turar joyi noma’lum shaxs reabilitatsiya markazlariga joylashtirilgan.
Viloyatda o‘tkazilgan «Tig‘» maxsus-profilaktik tadbiri chog‘ida esa katta miqdorda xavfli qurollar muomaladan chiqarildi. Jumladan, 7909 dona o‘tkir tig‘li jism aniqlangan bo‘lib, shundan 6774 tasi pichoq, 78 tasi kastet, 33 tasi bita, 1 024 tasi esa boshqa turdagi qurollardan iborat bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda kuchli dori vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxs ushlangan edi.