
Turkiya hukumati «Milliy texnologik sakrash» dasturi doirasida o‘z yadroviy reaktorlarini yaratishni boshladi. Bu haqda mamlakat sanoat va texnologiyalar vaziri Mehmet Fotih Kajir ma’lum qildi, deb yozmoqda Kursiv Media.
Vazirga ko‘ra, loyiha asosiy strategik sohalarni – sun’iy intellekt, mudofaa sanoati, kimyo va metallurgiyani – barqaror, uglerodsiz va uzluksiz energiya bilan ta’minlashga qaratilgan. Yadro texnologiyalarini rivojlantirish Turkiyaga energiya mustaqilligini kuchaytirish va texnologik erkinlikni oshirish imkonini beradi.
«Biz atom energetikasida o‘z yo‘limizni ochamiz. Bu faqat energiya masalasi emas, bu – mustaqillik, texnologik quvvat va barqaror rivojlanish masalasi», dedi Kajir.
Dastur doirasida tadqiqot markazlari ochiladi, mutaxassislar tayyorlanadi, ishlab chiqarish bazasi rivojlantiriladi va xavfsizlik hamda ekologiya bo‘yicha yangi yechimlar joriy qilinadi. Loyiha davlat tashkilotlari bilan birga xususiy sektor, jumladan, universitetlar va texnologik startaplarni ham jalb etadi.
Hozirgi kunda Turkiya Rossiya ishtirokida mamlakatdagi birinchi atom elektr stansiyasi «Oqquyu» loyihasini amalga oshirmoqda.
Wall Street Journal xabariga ko‘ra, Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun Turkiyadagi «Oqquyu» AESidan foydalangan, ya’ni Moskvadan yuborilgan mablag‘lar stansiya qurilishiga emas, balki Rossiyaning davlat maqsadlariga sarflangan.
Avvalroq O‘zbekiston Energetika vaziri Jurabek Mirzamahmudov va Xalqaro atom energetikasi agentligi (XAEA) bosh direktori Rafael Grossi o‘rtasida atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish «Yo‘l xaritasi» imzolangandi.
Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatida quriladigan kichik atom elektr stansiyasi (AES) qurilish maydonida birinchi beton quyishni 2026-yil martidan kechiktirmaslikni topshirgandi.