
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi (v.b.) Adiz Boboyev Xitoyning Yaxing Guoji Maoyi kompaniyasi vakillari bilan $28 mlnlik loyiha yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi.
Oqdaryo tumanida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ushbu loyiha doirasida alkogolsiz ichimliklar, kir yuvish kukuni, elektrosamokatlar va quyosh panelida ishlaydigan ko‘cha chiroqlari ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda.
Loyihaning birinchi bosqichida $16,5 mln dollar sarmoya kiritilib, korxona 2026-yil fevral oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ammo buning uchun Dahbed massiviga olib boruvchi yangi avtomobil yo‘li qurilishi kerak bo‘ladi.
Boboyev mutasaddilarga bu masalani tezkor hal qilishni topshirdi va investorlar bilan kelgusidagi hamkorlik rejalarini muhokama qildi. Zavod ish boshlashi bilan hududda 40 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Avvalroq Samarqandda $1,2 milliardlik loyihalar orqali 12 ming ish o‘rni yaratilishi xabar qilingandi. Yangi loyihalar doirasida Nurobodda $472 mlnlik sanoat zonasi, Qo‘shrabotda granit qazib olish, Bulung‘urda esa biofarmatsevtika va urug‘chilik sohalarida sarmoyalar jalb qilinmoqda. Umumiy hisobda $1,2 mlrdlik 14 loyiha orqali 12 ming ish o‘rni yaratiladi.