
Endi yerga oid munosabatlarda korrupsion omillarni bartaraf etish mexanizmlari yanada kuchaytiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Kadastr agentligining «E-Yer Nazorat» tizimi davlat yer nazoratini yuritishning yagona elektron platformasi sifatida ishlaydi. 2026-yil 1-yanvardan boshlab yer qonunchiligiga oid huquqbuzarliklarni aniqlash va choralar ko‘rish faqat ushbu tizim orqali amalga oshiriladi.
Hududlar uch toifaga ajratiladi:
«qizil» – yerlarni noqonuniy egallash xavfi yuqori;
«sariq» – xavfi o‘rtacha;
«yashil» – xavfi past hududlar.
Monitoring jarayonida «qizil» hududlar dronlar yordamida har chorakda, «sariq» hududlar esa maxsus samolyot orqali har 6 oyda kuzatib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda «Oasis» yagona raqamli platformasi yaratilishi haqida xabar qilgan edik.