Marg‘ilonda sotilayotgan dush geli foydalanishga xavfli deb topildi

Farg‘onaning Marg‘ilon shahridagi TRZ bozorida sotilayotgan Fabol’AI brendidagi 800 ml hajmdagi dush geli foydalanishga xavfli deb topildi. Bu haqda Nazorat inspeksiyasi xabar berdi.
Ushbu mahsulot Xitoyda ishlab chiqarilgan bo‘lib, laboratoriya tekshiruvlari natijasida mahsulot tarkibidagi ayrim kimyoviy moddalar miqdori belgilangan me’yorlardan oshgani va xavfsizlik talablari kafolatlanmaganligi ma’lum bo‘ldi.




Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mahsulotdan uzoq muddat foydalanish inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Jumladan, terining qichishi va qizarishi, allergik reaktsiyalar, yallig‘lanish, nafas yo‘llariga ta’sir hamda terining tabiiy muvozanatini buzishi oqibatida bakterial yoki zamburug‘li kasalliklar yuzaga kelishi ehtimoli bor.
Shu bois iste’molchilarga mazkur mahsulotdan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lish, uni xarid qilishdan oldin sifat va xavfsizlik bo‘yicha to‘liq ma’lumotni aniqlab olish tavsiya qilinmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan TIM brendi ostida qalbaki go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarilgani aniqlangani haqida yozgandi.