O‘zbekistonda ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlanadi

eʼlon qilindi
Prezident taqdim etilgan tashabbuslarni ma’qulladi
Foto: depositphotos.com

Kecha, 19-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan taqdim etilgan ma’ruza bilan tanishdi. Uchrashuvda beshta tibbiyot markazini xorijiy nufuzli klinikalarga boshqaruvga berish masalasi ham muhokama qilindi.

Majlisda bolalar salomatligini muhofaza qilish masalalari alohida ko‘tarildi. Xususan, dunyoda ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlardan foydalanish ko‘rsatkichlari ortib borayotgani, bu borada muammolar mavjudligi qayd etildi. Shu bois 2030-yilga qadar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti belgilagan – chaqaloqlarni 6 oylikkacha faqat ona suti bilan boqish ko‘rsatkichini 70 foizga yetkazish maqsadida milliy dastur tasdiqlanadi.

Mazkur dastur doirasida JSST va YUNISEFning «Ona suti bilan boqishga qulay muhit yaratadigan shifoxona» hamda «Muvaffaqiyatli emizishga 10 qadam» tashabbuslari joriy etiladi. Shuningdek, tibbiyot xodimlari uchun maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi, homilador va emizikli ayollar uchun ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.

Qonunchilikka ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlarning reklamasini cheklashga oid o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, bolalar oziq-ovqatlari ishlab chiqarish, import-eksporti, saqlash va savdosiga doir standartlarni takomillashtirish taklifi bildirildi.

Prezident taqdim etilgan tashabbuslarni ma’qullab, aholiga yaqinroq va sifatliroq tibbiy xizmat ko‘rsatish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar sababli o‘lim darajasini kamaytirish hamda yosh avlod salomatligini mustahkamlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda oilaviy shifokorlar ulushi 70 foizga yetkazilishi haqida yozgandi.

Shuningdek