Yangiliklar

Qurilish vazirligi korrupsiya haqida gapirgan tadbirkorga nisbatan chora ko‘rilishini so‘radi

Sohaga mas’ul vazirlik va mutaxassislarga nisbatan salbiy munosabat shakllanishiga olib kelgani uchun
Foto: Videodan olindi

29-avgust kuni qurilish sohasi tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot chog‘ida o‘zini bir nechta qurilish kompaniyalari rahbari sifatida tanishtirgan Usmonjon Abdusamadov bir qator da’volar bilan chiqqandi. Jumladan, u «Toshkentda bitta uy uchun $200 minggacha xarajat bor» degan so‘zlari bilan jamoatchilik orasida asossiz axborot tarqalishiga sabab bo‘ldi.

Mazkur bayonot ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lib, qurilish sohasida olib borilayotgan islohotlarga, sohaga mas’ul vazirlik va mutaxassislarga nisbatan salbiy munosabat shakllanishiga olib keldi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bu holat xodimlarning sha’ni va obro‘siga putur yetkazganini qayd etib, fuqaro Usmonjon Abdusamadovga nisbatan huquqiy baho berish va tegishli javobgarlik choralarini ko‘rish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligiga rasmiy ariza taqdim etdi.

Vazirlik eslatishicha, qurilish sohasiga oid barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar belgilangan tartibda elektron shaklda amalga oshiriladi. Bu jarayonda qo‘shimcha mablag‘ talab qilish qat’iyan man etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kadastr agentligining bu holat yuzasidan ham rasmiy bayonot bergani haqida yozgandi.