
Bugun, 20-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Nyu-York shahriga yo‘l oldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Bosh Assambleya yalpi sessiyasi umumiy munozaralarining ilk kunida nutq so‘zlashi kutilmoqda. Shuningdek, u BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh hamda bir qator mamlakatlar va hukumatlar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.
Sammit doirasida nufuzli xalqaro moliya institutlari rahbarlari bilan muloqotlar, shuningdek, AQShning yetakchi kompaniyalari va yirik investitsiya tuzilmalarida tadbirlar ham o‘tkazish rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ishtirok etishi haqida yozgandi.