
Kiyev viloyatidagi issiqxonalardan birida 13 nafar o‘zbekistonlik og‘ir sharoitda majburiy mehnat qilayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan vaziyat o‘rganildi. Bu haqda O‘zbekistonning Ukrainadagi Elchixonasi ma’lum qildi.
Elchixona vakillari hodisa joyiga tashrif buyurib, barcha fuqarolarimizning sog‘-salomatligini tekshirdi. Hozirda ular Kiyev viloyatidagi shifoxonalardan biriga joylashtirilib, zarur tibbiy yordam olmoqda.
Elchixona vaziyatni to‘liq nazoratga olgan. Fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Shu bilan birga, konsullik va huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida Ukraina TIV hamda Bosh prokuratura idorasiga notalar yuborilgan. Holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar sud oldida javob bermoqda.
Diplomatik vakolatxona o‘zbekistonliklarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga yordam berish hamda qonuniy huquqlarini tiklash choralarini davom ettirmoqda.
Shuningdek, Elchixona Ukrainadagi xavfli vaziyatni inobatga olib, o‘zbekistonliklarga hozircha bu mamlakatga safarlarni rejalashtirmaslikni qat’iy tavsiya qildi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Rossiyadagi kon qulashida O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani haqida yozgandi.