Yangiliklar

Ehtiyojmand oilalarga isitish mavsumi oldidan bir martalik moddiy yordam ajratiladi

Hozirda ushbu ikki reyestrda 816 mingta oila qayd etilgan
Foto: Kursiv Uzbekistan

2025/2026-yilgi isitish mavsumida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam beriladi.

Mazkur yordam «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» va «Kambag‘al oilalar reyestri»ga kiritilgan oilalar bilan birga, «Mahalla yettiligi» tomonidan shakllantirilgan qo‘shimcha ro‘yxatdagi xonadonlarga ham taalluqli bo‘ladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda ushbu ikki reyestrda 816 mingta oila qayd etilgan. Bundan tashqari, «Mahalla yettiligi» reyestrdagi oilalarning 40 foizigacha qo‘shimcha ravishda kambag‘allikka tushish xavfi yuqori bo‘lgan xonadonlarni ham ro‘yxatga kiritmoqda. 19-sentabr holatiga ko‘ra, 317 mingta qo‘shimcha ehtiyojmand oila ro‘yxatga olingan.

Qo‘shimcha ro‘yxat shakllantirishda birinchi navbatda quyidagi toifadagi oilalarga e’tibor qaratilmoqda:

  • boquvchisini yo‘qotgan oilalar;
  • tarkibida I yoki II guruh nogironi bo‘lgan shaxs yashaydigan oilalar;
  • nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlayotgan oilalar;
  • gaz ta’minoti mavjud bo‘lmagan va markazlashtirilgan isitish tizimi yo‘q ko‘p qavatli uylarda yashovchi xonadonlar;
  • bir xonadonda 3 va undan ortiq oila birga yashaydigan xonadonlar;
  • uzoq muddatli davolanishni talab etuvchi og‘ir kasallikka chalingan shaxslar bor oilalar;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz shaxslar, jumladan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolar.

Ehtiyojmand toifaga kiruvchi oilalar 25-sentabrgacha «Mahalla yettiligi»ga murojaat qilishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan ayrim ehtiyojmand oilalarga har oy moddiy yordam berilishi haqida xabar bergan edi.