Konor Makgregor Oq uyda jang qiladi

21-sentabr 2025 15:06 eʼlon qilindi

Mirjalol Norqobilov

Mirjalol Norqobilov

Yangiliklar muharriri m.norqobilov@kursiv.media
Макгрегор
Foto: Bloomberg

Irlandiyalik aralash jang ustasi Konor Makgregor Oq uy hududida boʻlib oʻtadigan UFC turnirida jangga chiqadi. Bu haqda «Chempionat» nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, jang 2026-yil iyun oyida boʻlib oʻtadi va Makgregorga amerikalik Maykl Chendler raqiblik qiladi. Turnirni oʻtkazish tashabbusi joriy yil iyul oyi boshida AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan edi. Tadbir mamlakat mustaqilligining 250 yilligiga bagʻishlanishi rejalashtirilgan.

«Kimdir UFCʼni tomosha qilyaptimi? Dana Uayt (UFC prezidenti – tahr.) biz bilan birga. Biz UFC jangini Oq uy hududida oʻtkazmoqchimiz. U yerda joy yetarli», – degan Tramp.

Makgregor professional faoliyati davomida 22 marta gʻalaba qozongan, oltita jangda esa magʻlubiyatga uchragan.

Joriy yilning sentabrida u Irlandiya prezidenti lavozimi uchun saylovda ishtirok etish rejalaridan voz kechdi. Jangchi bu qarorni qabul qilish oson boʻlmaganini, yaqinlari bilan maslahatlashganini ta’kidladi. Avvalroq tadbirkor Ilon Mask uni saylovoldi poygasida qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Makgregorning oʻzbekistonlik sportchilarni haqorat qilgani va vazn oʻlchash jarayonida muvaffaqiyatsizlikka uchragani haqida yozgan edi.

Shuningdek