Oʻzbekistonda Cobalt ishlab chiqarish 3 foizga kamaydi

Oʻzbekiston avtomobil sanoatida joriy yilning yanvar–avgust oylarida 99 ming dona Chevrolet Cobalt ishlab chiqarildi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3 foizga kam, deya xabar bermoqda Milliy statistika qoʻmitasi.
Ta’kidlanishicha, Damas ishlab chiqarish hajmi 59,5 mingdan 57,8 ming donagacha qisqargan. Onix ishlab chiqarish ham 21,6 mingdan 20,2 ming donagacha kamaydi.
Shu bilan birga, boshqa modellar boʻyicha oʻsish kuzatildi. Jumladan, KIA avtomobillari ishlab chiqarilishi 12,7 mingdan 17,1 ming donagacha, BYD avtomobillari esa 249 donadan 12,9 ming donagacha oshgan.
Umuman olganda, joriy yilning sakkiz oyida mamlakatda 284,3 mingdan ortiq yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Bu koʻrsatkich 2024-yilning mos davridagi 260,4 ming donadan yuqori.
Ma’lumot uchun, sentabr oyi boshida Chevrolet Cobalt yangilangan modeli taqdim etilishi kutilayotgani maʼlum qilingan edi. Uning narxi 160–170 mln soʻm atrofida boʻlishi rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzAuto Motors yangi Tahoe avtomobilini taqdim etgani haqida xabar bergan edi.