
O‘zbekistonda «Oqilona iste’mol» (Save food) dasturi doirasida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni belgilangan tartibda o‘tkazish ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 16-sentabr kuni qabul qilingan qarorida ko‘zda tutilgan.
Qarorga muvofiq, 2026 – 2030-yillar «Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri» etib belgilandi. Bu davrda aholiga yetarli va sifatli oziq-ovqat yetkazib berish, ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish choralari kuchaytiriladi. Shu maqsadda «Oqilona iste’mol» dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Mazkur rejaga ko‘ra, to‘ylar va oilaviy tadbirlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Senat kengashining 2019-yil 14-sentabrdagi qo‘shma qarorida belgilangan nizom talablariga muvofiq tashkil etilishi shart. Nizomda oilaviy marosimlarda 200 nafargacha, osh berish marosimlarida esa 250 nafargacha mehmon qatnashishi mumkinligi qayd etilgan. Qo‘shaloq to‘y-hashamlarda ham 250 nafardan ortiq mehmon taklif etilmasligi, ular bilan bog‘liq osh berish marosimida esa 300 nafardan oshmasligi belgilangan.
Shuningdek, milliy an’analar va odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan shoular, ortiqcha xarajat va vaqt talab qiladigan rasm-rusumlar taqiqlanadi. Jumladan, «kuyov navkari», «sep yoydi», «quda chaqirdi», «kelin chaqirdi», «tog‘ora yuborish» kabi urf-odatlarga chek qo‘yiladi. Dafn marosimlari doirasida «yetti», «qirq», «yil oshi», «pul tarqatish», «mato ulashish» kabi ortiqcha tadbirlarni o‘tkazishga ham yo‘l qo‘yilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil aprel oyidagi farmonida to‘y va oilaviy marosimlarni tartibga solish bo‘yicha yangi mexanizmlar ishlab chiqilishi zarurligini ta’kidlagan edi. Shu maqsadda Oliy Majlis palatalari kengashlari avgust oyida yangi qo‘shma qaror loyihasini tayyorlashi belgilangan, biroq hujjat hozircha jamoatchilikka e’lon qilinmagan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda to‘y qilish qanchaga tushishi haqida xabar bergan edi.