Avto

17 ming dollarlik Chery iCar Super V23 elektromobili taqdim etildi

17 ming dollarlik Chery iCar Super V23 elektromobili taqdim etildi / Foto: iCar

Xitoyning Chery kompaniyasi tomonidan yangi iCar Super V23 elektromobili taqdim etildi. Model besh xil komplektatsiyada ishlab chiqarilmoqda va uning narxi 17,3 ming dollardan boshlanadi.

Yangi Super V23 aslida avvalgi iCar V23 seriyasining davomchisi bo‘lib, u kuchliroq elektr dvigatellari va uzoqroq masofa bosish imkoniyati bilan ajralib turadi. Avtomobil bir marta to‘liq zaryadlanganda 550 kilometrgacha yo‘l bosishi mumkin.

Foto: iCar

U Ginnesning rekordlar kitobiga ham kiritilgan. Sababi Super V23 ommaviy ishlab chiqarilgan elektromobillar orasida 400 metrlik baland qum tepaligiga eng tez ko‘tarilgan mashina sifatida rekord o‘rnatdi. Sinov paytida u bu masofani atigi 2 daqiqa 38,34 soniyada bosib o‘tdi.

Foto: iCar

Dizaynda mashinaning retro uslubdagi kvadrat shakli saqlab qolingan. Avtomobilning uzunligi 4220 millimetr, eni 1915 millimetr, balandligi 1845 millimetr bo‘lib, g‘ildiraklar oralig‘i 2735 millimetrni tashkil etadi. Og‘irligi esa versiyasiga qarab 1,7 tonnadan qariyb 2 tonnagacha yetadi.

Foto: iCar

Texnik jihatdan mashina ikki xil versiyada ishlab chiqarilmoqda. Orqa g‘ildirakdan tortadigan variant 185 kilovatt quvvat va 300 Nyuton-metr moment ishlab chiqaradi. U 59,93 va 80,16 kilovatt-soatlik batareyalar bilan taklif qilinadi va mos ravishda 401 hamda 550 kilometr masofa bosib o‘tadi.

To‘liq g‘ildirakdan tortuvchi versiya old motor qo‘shilishi orqali umumiy 335 kilovatt quvvat va 490 Nyuton-metr moment beradi. Bu mashina 0 dan 100 kilometr tezlikka bor-yo‘g‘i 4,5 soniyada chiqadi. Uning 80,16 kilovatt-soatlik batareyasi bir marta zaryadlanganda 501 kilometr masofaga yetadi.

Foto: iCar

Super V23 xavfsizlik va haydovchiga yordam beruvchi tizimlar bilan ham boyitilgan. Korpusida jami 22 ta sensor o‘rnatilgan bo‘lib, ularga 12 ta ultratovushli radar, 5 ta millimetr to‘lqinli radar va 5 ta kamera kiradi. Ularning barchasi Falcon 500 nomli aqlli tizimga ulangan bo‘lib, avtomobil haydovchiga 23 dan ortiq turli funksiyalarni taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Chery kompaniyasi 21 ming dollarlik Fulwin X3L elektromobilini ham taqdim etgan edi.