Yangiliklar

Abituriyentlar uchun kontrakt va grant kvotalari kengaytirildi

Qoraqalpog‘iston yoshlari uchun qo‘shimcha grant va to‘lov-kontrakt o‘rinlari ajratildi
Magistratura
Abituriyentlar uchun kontrakt va grant kvotalari kengaytirildi. Foto: Belong Blog

Abituriyentlar uchun 2025/2026-yilgi oliy ta’lim muassasalariga qabulda kontrakt va grant kvotalari kengaytirildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

Xususan davlat komissiyasi majlisining tegishli bayoniga ko‘ra:

  • bakalavriat yo‘nalishlarida bo‘sh qolgan o‘rinlar uchun tanlov o‘tkaziladi. Unda 56,7 balldan yuqori natija to‘plagan, lekin talabalikka tavsiya etilmagan, shuningdek, ikkinchi bosqichda oliy ta’lim yo‘nalishini tanlamagan abituriyentlar ham qatnasha oladi;
  • kirish imtihonlari natijasiga qarab tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirish imkoniyati beriladi;
  • respublikadagi xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmalari tasdiqlandi;
  • Qoraqalpog‘iston yoshlari uchun qo‘shimcha grant va to‘lov-kontrakt o‘rinlari ajratildi.

Bundan tashqari, prezident granti kvotalarining taqsimoti va davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga tanlov natijalari ham tasdiqlandi. Vazirlik ushbu taqsimotlar haqida batafsil ma’lumot qo‘shimcha e’lon qilinishini xabar qildi.

Avvalroq 2026-yil uchun stajor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va doktoranturaga o‘qitish bo‘yicha qabul kvotalari tasdiqlangani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, tayanch doktorantura uchun qabul 15-sentabrdan 15-oktabrgacha davom etadi. Qabul qilinganlar ro‘yxati esa 2026-yilning 10-yanvarigacha e’lon qilinadi.