Yangiliklar

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shimcha qabul 9 kun davom etadi

25-sentabrdan 3-oktabrgacha (shu kuni ham)
Bakalavriat
Foto: Forbes

2025/2026-o‘quv yili uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida qolgan vakant o‘rinlarga qo‘shimcha qabul e’lon qilindi. Bu haqda ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi qarori qabul qilindi.

Qo‘shimcha qabul 25-sentabrdan 3-oktabrgacha (shu kuni ham) my.uzbmb.uz platformasi orqali onlayn tarzda amalga oshiriladi.

Ushbu imkoniyat 2025-yilgi kirish imtihonlarida 56,7 ball va undan yuqori natija ko‘rsatgan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarga taalluqli. Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tishning ikkinchi bosqichida oliy ta’lim yo‘nalishini tanlamaganlar ham ishtirok etishi mumkin.

Shuningdek, abituriyentlar faqat fanlar majmuasi mos bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlarini tanlashlari mumkin. Talabalikka tavsiya etish jarayoni to‘plangan ballar ketma-ketligi asosida, bazaviy to‘lov-kontrakt shaklida amalga oshiriladi.

Tanlov natijalari 8-oktabrgacha e’lon qilinib, hujjatlar rasmiylashtirish uchun oliy ta’lim muassasalariga yetkaziladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan abituriyentlar uchun kontrakt va grant kvotalari kengaytirilgani haqida yozgandi.