
Xitoyning BYD kompaniyasi tomonidan BYD Yangwang U9 Xtreme avtomobili taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Ushbu avtomobil tarixdagi eng tezkor seriyali mashina sifatida qayd etilgan. Sentabr oyida Germaniyadagi Automotive Testing Papenburg poligonida o‘tkazilgan sinovlarda U9 Xtreme 496,22 km/soat tezlikka chiqdi. Bu natija avvalgi rekordchi Bugatti Chiron Super Sport 300+’ning 490,5 km/soat ko‘rsatkichidan yuqori bo‘ldi. Shuningdek, mashina Nyurburgring trassasida 6:59.157 daqiqada aylanishni amalga oshirib, Xiaomi SU7 Ultra ko‘rsatkichidan (7:04.957) o‘zib ketgan.
U9 Xtreme faqat 30 dona ishlab chiqariladi va ular xalqaro bozorlarga chiqarilishi rejalashtirilgan. Bu uni nafaqat texnologik yutuq, balki kolleksionerlar uchun ham noyob avtomobilga aylantiradi.
Model mavjud Yangwang U9 asosida yaratilgan, biroq kengaytirilgan aerodinamik elementlar bilan jihozlangan. Unda kattalashtirilgan old spoyler, ikki kanalli kapot va orqa qanot mavjud. O‘lchamlari 4991×2029×1351 mm, g‘ildiraklar bazasi esa 2900 mmga teng. Avtomobil maxsus ishlab chiqilgan GitiSport e·Gtr2 Pro shinalarida 500 km/soat tezlikni bardosh bera oladi. Tormoz tizimi esa titan supportlari va karbon-keramik disklar bilan mustahkamlangan.
Ichki qismi zamonaviy uslubda bezatilgan. To‘liq raqamli panel, markaziy katta sensorli ekran va karbon tolasi hamda alkantaradan foydalanilgan sportona salonga ega.
U9 Xtreme BYD Yi Sifang tizimiga asoslangan 1200 voltli platformada yaratilgan. To‘rt elektr motor umumiy hisobda 2220 kVt (deyarli 3000 ot kuchi) quvvat ishlab chiqaradi. Mashinaning bir tonnaga 1217 ot kuchi ko‘rsatkichi tarixda eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Quvvat g‘ildiraklarga 100 martadan ortiq sekundiga qayta taqsimlanadi, bu esa maksimal barqarorlikni ta’minlaydi.
Mashina DiSus-X aktiv kuzov boshqaruv tizimi bilan ta’minlangan bo‘lib, u real vaqt rejimida g‘ildiraklarning harakatini boshqaradi. Bu tezlanish, tormozlash va burilishlarda yo‘lga yopishishni kuchaytiradi. U9 Xtreme, shuningdek, ikki qatlamli sovitish tizimiga ega Blade akkumulyatori bilan jihozlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan BYD Denza N9 gibrid avtomobilini taqdim etgani haqida yozgan edi.